![](/Picture/Internet/20xxgtxmdupg.jpg) O‘zbekiston Milliy "Elektron ta'lim" tarmog‘i ishga tushdi. Shu
munosabat bilan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligida loyiha hamkori —
O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi ishtirokida matbuot
anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2010 yil
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda 2011 yildagi dolzarb
vazifalarga bag‘ishlangan hukumat yig‘ilishidagi ma'ruzasida o‘quv
jarayoniga keng polosali tarmoqlar va internet texnologiyalarini joriy
etish maqsadida Milliy "Elektron ta'lim” tarmog‘ini qurib bitkazish
hamda 2011 yili yagona komputer tarmog‘iga respublika oliy ta'lim
muassasalarini, keyingi yillarda akademik litseylar va kasb-hunar
kollejlarini ulash belgilangan edi.
Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda O‘zbekiston aloqa va
axborotlashtirish agentligi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan
hamkorlikda barcha oliy ta'lim muassasalari va ularning filiallarini
bog‘lovchi optik tolali aloqa kanallari asosidagi yagona, yuqori
tezlikdagi Milliy "Elektron ta'lim" tarmog‘i qurilishini yakunladi.
Loyihaning amalga oshirilishi natijasida 2011 yili 80ta oliy ta'lim
muassasasi (shu jumladan, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi,
"Iste'dod" jamg‘armasi, 3ta markaz) tarmoqqa ulandi. 2012 yili esa
ma'lumot uzatish tezligi 1 Gbit/soniyani tashkil etuvchi mazkur tarmoqqa
84ta obyektni ulash, har bir oliy o‘quv yurtida multimediali
auditoriyalar tashkil etish rejalashtirilgan.
Matbuot anjumani videokonferensaloqa ko‘rinishida o‘tkazilib, unda
viloyatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida
joylashgan bir qator oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari va
talabalari ishtirok etdi.
Videokonferensiyada "Elektron ta'lim" tarmog‘ining imkoniyatlari,
videotasvir, hujjatlar va boshqa ma'lumotlar uzatish usullari namoyish
etildi.
Anjumanda "Elektron ta'lim" tarmog‘ini yo‘lga qo‘yishdan maqsad va
uning vazifalari to‘g‘risida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri birinchi
o‘rinbosari M.Orifjonov yig‘ilganlarga so‘zlab berdi. Loyihaning texnik
xususiyatlari haqida esa "O‘zbektelekom" AK bosh direktori birinchi
o‘rinbosari Q.Yuldashev ma'lumot berdi.
Matbuot anjumanidan so‘ng oliy o‘quv yurtlari videoko‘prik orqali o‘zaro
fikr almashishdi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga O‘zAAA, Oliy va
o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda oliy o‘quv yurtlari mutasaddilari
javob berishdi.
|